Namoz

Namoz vaqtlari
Namoz

Namoz (arabcha: صَلاة) — islom koʻrsatmalari boʻyicha bajariladigan maxsus ibodat turi; islomdagi besh rukndan biri. Namoz musulmonlarga meʼroj kechasi (qarang Isro va meʼroj) farz qilingan birinchi ibodatdir. Bir kecha-kunduzda 5 mahal (bomdod, peshin, asr, shom, xufton) namoz oʻqish farz hisoblanadi. Namoz oʻqish „Allohu akbar“ deb takbir aytish bilan boshlanib, sano, Qurʼon oyatlaridan tilovat qilishda duolar oʻqish, rukuʼ, sajda, tiz choʻkib oʻtirish, salom berishlarni oʻz ichiga oladi. Namozning bir necha turlari mavjud. Masalan, farz, vojib, sunnat, nafl, ishroq, tahajjud, qazo, shukri vuzu, janoza va boshqa qoʻshimcha namozlar borki, ularni ado etish musulmon kishining ixtiyoriy ibodati sanaladi. Farz, vojib, sunnat namozlari esa ado etilishi sharʼan talab etiluvchi namozlar sirasiga kiradi.

Namoz oʻqish uchun namozxonning badan va kiyimlari hamda oʻqish joyi pok boʻlishi shart. Namoz qiblaga — Makkadagi Kaʼba ibodatxonasiga qarab oʻqiladi. Uni oʻqishda maxsus toʻshama — joynamozdan foydalanish odatga aylangan. Namozni kishi bir oʻzi yoki jamoa boʻlib oʻqishi mumkin, lekin juma kunidagi juma namozini masjidda jamoa bilan oʻqish tavsiya etiladi. Jamoa boʻlib namoz oʻqiganda namozxonlar qator turadi, ulardan biri (imom) imomlikka oʻtadi. Namoz paytida gapirish, yeyish, ichish, kulish, yoʻtalish (uzrsiz), turli harakatlar qilish va boshqa mumkin emas. Kasal va nogironlar namozni oʻzlariga qulay holatda oʻqiydilar.

Islomdagi mazhablar koʻrsatmalarida namoz oʻqish qoidalarining bir-biridan farq qiladigan jihatlari bor. Oʻzbekistonda namoz, asosan, hanafiylik mazhabiga muvofiq oʻqiladi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

From Wikipedia, the free encyclopedia · View on Wikipedia

Developed by Tubidy