Naqsh

Geometrik naqsh
Geometrik naqsh

Naqsh (arab. — tasvir, gul) — qismlari (taqsimlari) muayyan tartibda bir maromda takrorlanishidan hosil boʻladigan handasiy shakllar, oʻsimlik, qush, hayvon va boshqalarning uslublashtirilgan tasvirlaridan tarkib topgan bezak (gul). Turli narsalar (ashyolar, qurol, mato, mebel, kitob va t.k.), meʼmoriy inshootlar (ham ichki, ham tashqi bezaklar), nafis sanʼat (asosan, amaliy sanʼat) asarlarida keng qoʻllanadi, ayrim xalqlarda, shuningdek, odam tanasini bezashga (tatuirovka, bezashga) moʻljallanadi. Narsaning sirtini bezayotgan naqsh uning tuzilishini yuzaga chiqaradi va uning badiiy sifatini oshiradi. Naqsh yo mavhum shakllardan tuziladi, yo aniq mavzulardan uslublashtiriladi. Ishlanayotgan xom ashyosiga koʻra, naqsh ishlashning turli-tuman uslub va usullari mavjud: oʻyma (ganch, yogʻoch, mis, tosh, marmar va boshqalar), boʻyama (qogʻoz, mato, ganch, yogʻoch, sopol va boshqalar), chok yordamida tikma (kashtadoʻzlik, zardoʻzlik va boshqalar), zarb qilib, quyib (zargarlik, miskarlik va boshqalar), toʻqima (gilamchilik, toʻqimachilik va boshqalar), qadama (inkrustatsiya, panjarasozlik va boshqalar) va boshqalar.

Naqshning paydo boʻlishi haqida aniq maʼlumotlar yoʻq. Naqsh tarixi insoniyatning badiiy madaniyati kabi qadimiydir. Arxeologik materiallar naqshning jahondagi barcha xalqlarda qadimdan mavjud boʻlganligini koʻrsatadi. Metall, sopol buyum, idish, qurollar paleolit, neolit davrlarida oddiy handasiy shakllar qatorida oʻsimliksimon naqshlar bilan ham bezatilgan. Naqsh turli oʻlkalar, turli xalqlarda geografik muhit, oʻsimlik va hayvonot dunyosi, madaniyati taʼsirida turlicha rivoj topgan. Masalan, Shimol oʻlkalari naqshlarida archa, chorvadorlarda mol shoxi, dexdonlarda uzum bargi va gʻujumi, oʻtroq aholida gul, anor, bodom, qalampir tasvirlari koʻp uchraydi. Yevropada turli davrlarda xukmron boʻlgan badiiy uslublar (barokko, gotika, klassitsizm va boshqalar) naqshga ham oʻz taʼsirini koʻrsatgan. Uygʻonish davrida, ayniqsa, yuksak jozibadorlikka erishgan. XIX asrning oxiridan boshlab shu davrda vujudga kelgan turli okimlar naqshni atayin kam ishlatdi, xatto undan butunlay voz kechishgacha bordi.


From Wikipedia, the free encyclopedia · View on Wikipedia

Developed by Tubidy