Paxta

Texasda yetishtirilgan paxta.
Armanistondagi paxtakorlar, 1930-yillar. Hozirda u yerlarda paxta yetishtirilmaydi.

Paxta, chigitli paxta — gʻoʻzaning tola va chigitdan iborat asosiy mahsuloti. Paxta tozalash korxonasida Paxtaga dastlabki ishlov berish jarayonida chigitdan, avval, toʻqimachilik sanoatining ehtiyoji uchun asosiy mahsulot — tola (uz. 20 mm dan uzun) ajratib olinadi. Shuning uchun butun dunyoda Paxta tolaning sifatiga qarab baholanadi. Keyin chigitdan kimyo va mahalliy sanoat korxonalarida qoʻllaniladigan lint (momiq) (uz. 20 mm dan kam) olinadi. Texnologik uskunalarda Paxtani qayta ishlash va tolani tozalash jarayonida oʻlik (pishib yetilmagan kalta tolali puch chigit, chigallashgan tolalar) va kalta Paxta momigʻi (uz. 5,0 mm dan kam) chiqadi. Paxtada 30— 35% tola va 50—55% chigit (chigitida 24—29% moy), 2—3% oʻlik tola, 3— 5% kalta momiq boʻladi. Gʻoʻzaning seleksion navi va tolaning yoʻgʻon-ingichkaligiga qarab Paxta oʻrta tolali va uzun tolali turlarga boʻlinadi. Paxta qoʻlda va mashina bilan teriladi. Paxta tolasi pishib yetilganlik koeffitsiyenti hamda tashqi koʻrinishi, rangi boʻyicha 5 sanoat naviga va iflos aralashmalarning miqdori hamda namligiga qarab 3 sinfga boʻlinadi.

Paxta navi tashqi koʻrinish namunasi — paxtaning standart namunalariga solishtirib (klasser usulida), bu usul qanoatlanarli boʻlmasa, lab. usulida pishib yetilganlik koeffitsiyenti boʻyicha aniqlanadi.

Toʻqimachilik, yogʻ-moy, gidroliz, kimyo sanoati va xalq xoʻjaligining boshqa tarmoqlari uchun xom ashyo boʻlib xizmat qiladi (qarang Paxta tolasi)[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

From Wikipedia, the free encyclopedia · View on Wikipedia

Developed by Tubidy