Uhud jangi

Uhud jangi (arabcha: غزوة أحد (Uhud — Madina shahridagi yaqinidagi tepalik nomi) — 625 yil 23 martda Uhud tepaligida musulmonlarning makkaliklar bilan boʻlgan jangi. Badr jangida makkalik mushriklar magʻlubiyatga uchragach, musulmonlardan oʻch olmoqchi boʻlishgan.

Makkaliklar 3000 ga yaqin jangchidan iborat boʻlib, jumladan 200 ta otliq askar, 800 ta sovut kiygan jangchi, Muhammad (sav)ning esa, 700 ta piyoda askarlari boʻlib, shulardan 100 tasida sovut boʻlgan. Makkaliklar jang maydonida yaxshi mavqeni egallagan edi. Muhammad (sav) ham askarlarini kerakli joyga joylashtirib tepalik tomonini qoʻriklash uchun 50 ta kamonchini qoʻyib, ularga bu yerdan hech yerga siljimaslikni tayinlaganlar. Jang dastlabki paytda musulmonlar foydasiga hal boʻla boshladi. Ular ayni dushmanni taʼqib etadigan paytda gʻanimat (oʻlja) toʻplashga tushdilar. Kamonchilar ham oʻljasiz qolib ketmaslik niyatida oʻz turgan joylarini tashlab ketdi. Bundan foydalangan makkaliklarning Xolid ibn Valid boshchiligidagi otliq qoʻshini musulmonlar qoʻshini orqa tomoniga oʻtib hujum qildi. Bu jangda musulmonlar koʻp talafot koʻrdi: Muhammad (sav) qurshovda qolib, yaralanganlar, 70 dan ortiq kishi halok boʻlgan. Makkaliklar esa, 19 kishisini boy berdi. Musulmonlar bu jangda raqib ustidan yengilgina gʻalaba qozonamiz deb oʻylashgan edi. Musulmonlar muvaffaqiyatsizlikka uchraganligining sababi Qur’on oyatlarida bayon etilgan.


From Wikipedia, the free encyclopedia · View on Wikipedia

Developed by Tubidy